Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kelgusi uch yilda dunyo bo‘yicha natriy iste’molini 30 foizga kamaytirishni global maqsad, deb belgilgan. Ammo bu boradagi chora-tadbirlar ijrosi tashkilotga a’zo davlatlarning 73 foizi tomonidan to‘liq ta’minlanayotgani yo‘q.
Shu bois JSST yangi bayonot bilan chiqdi. Unda qayd etilishicha, mazkur modda inson organizmiga asosan osh tuzi (natriy xlorid) orqali qabul qilinadi. Uning kunlik me’yori 5 gramm (bir choy qoshiq)dan oshmasligi kerak.
Ammo hozir jahon bo‘yicha mazkur ko‘rsatkich bir kishi uchun o‘rtacha 10,8 grammni tashkil qilmoqda. Boshqacha aytganda, JSST tavsiyasidan ikki baravar ko‘p osh tuzi iste’mol qilinmoqda.
Oqibatda insonlar o‘rtasida erta o‘lim xavfi yildan yilga oshib boryapti. Yurak-qon tomir va asab tizimi, buyrak kasalliklari, oshqozon saratoni, semizlik, osteoporozdan aziyat chekuvchi bemorlar soni ko‘paymoqda.
Vaholanki, yuqorida keltirilgan me’yorlarga amal qilish orqali 2030 yilgacha 7 million kishining hayotini saqlab qolish mumkin.
Ayni sababdan JSST rahbari Tedros Gebreyesus barcha davlatlarni natriy iste’moli yuzasidan samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga chaqirmoqda.
Xususan, ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida natriy miqdori belgilangan me’yordan oshmasligi uchun zarur cheklovlar o‘rnatilishi maqsadga muvofiq.
Iste’molchilarga tuz miqdori kam bo‘lgan mahsulotlarni taklif etish uchun ularni maxsus yorliqlar bilan qadoqlash bu borada katta samara beradi.
Shuningdek, natriy iste’molini kamaytirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish talab etiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.