Respublika Ixtisoslashtirilgan Travmatologiya va Ortopediya Ilmiy-Amaliy Tibbiyot Markazi Samarqand Filiali tarixi

  Filialning tarixi uzoq II  Ulug’ Vatan urushi yillariga borib taqaladi. O’sha yillarda Samarqand shahrining “Katta ariq”(Большой арык) mavzesida joylashgan bolalar bog’chasi 1942-yilda sovuq urushdan jabr ko’rganlar va bolalarni davolash maqsadida 50 o’rindan tashkil topgan №2-sonli yopiq shahar bolalar shifoxonasiga aylantiriladi. Shifoxonaning bosh vrachi  va bosh vrach o’rinbosari lavozimlariga Dora Grigoryevna Rozenblid hamda Olga Grigoryevna Datsyug tayinlanadilar.

Urushdan keying dastlabki yillarda, aniqrog’i 1947-yilda shifoxonaga katta yoshdagi bemorlarni davolash uchun ham ruxsat berilgach, 2-sonli shahar shifoxonasi bosh vrachi sifatida Myakotina Yevdokiya Alekseyevna(1916-1982) o’z ish faoliyatini boshlaydi. Roza Manuelovna Tuniyans shifoxonaning katta xamshirasi lavozimiga tayinlanadi. Ushbu vaqtga qadar shahar aholisiga ko’rsatilayotgan malakali tibbiy yordam sifatini yahshilashni ko’zlab, №2-son shahar shifixonasi xizmat ko’rsatish xududlariga Temiryo’l va Samarqand tumanlari aholisi ham kiritiladi. Umumiy xisobda 100 o’ringa yetkazilgan ushbu  tibbiyot maskani №2-sonli shahar sanitariya birlashmasiga aylantirilgach, aholiga ambulator xizmat ko’rsatishni ko’zlab, shifoxona tarkibida 3 ta yangi Poliklinika ish boshlaydi. O’zining 16 yillik faoliyati davomida Y.A.Myakotina shifoxonaning mavqeini ko’taribgina qolmay, Samarqand shahrida ushbu shifoxonani travmatologiya shifoxonasiga aylantirish tashabbusini ilgari suradi va viloyatda birinchi bo’lib 40 o’ringa mo’ljallangan Travmatologiya va ortopediya bo’limini ochilishiga erishadi.

1963-yilda Travmatologiya va ortopediya bo’limi mudiri lavozimiga Samarqand viloyatida ishlagan travmatologlarning dastlabki qaldirg’ochlaridan biri bo’lgan Borisova Yevgeniya Petrovna tayinlanadi. 1964-yilga kelib, shifoxona bazasida Samarqand davlat tibbiyot institutining “Travmatologiya va ortopediya” kafedrasiga asos solinadi. O’sha paytlar tarkibida 1 ta professor, 1 ta dotsent, 2 ta assistent va 1 ta laborant bilan ish boshlagan kafedra 1977-yilga kelib “Harbiy dala xirurgiyasi” kursini ham qo’shib oladi.

1964-yilning 23-yanvar kuni №2-son shahar shifoxonasi tarixida yangi davr boshlanadi. O’sha vaqtlarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani markaziy shifoxonasi bosh vrachi lavozimimda ishlab kelgan Aranzon Yevgeniy Salomonovich shhifoxonaning yangi bosh vrachi etib tayinlanadi. O’z sohasining bilimdoni, mutaxassisligi jarroh bo’lgan Y.S.Aranzon shifoxonaning moddiy-texnik bazasini boyitishni o’z oldiga maqsad qilib oladi va shifoxonada Dorixona, Zararsizlantishish bo’limi, Shikastlanishlar asoratlari bo’limi va Oshxona qurib, ishga tushiradi.

1966-yilda №2-son shahar sanitariya tibbiyot birlashmasiga qarashli bo’lgan va №4- va 5-sonli Kattalar Poliklinikalari mustaqil maqomga ega Poliklinikalarga aylantirilib, shifoxona tarkibidan chiqariladi. Faqatgina hozirgi №6-son bolalar Poliklinikasi shifoxona tasarrufida qoldiriladi. Shifoxona bosh vrachi muovini O.T.Dotsyukning nafaqaga ketishi munosabati bilan uning o’rniga R.M.Shimyakina, 2 yildan so’ng, ya’ni 1968-yilga kelib Tichkina Aleksandra Petrovna tayinlanadilar. Aleksandra Petrovna mohir mutahassis va tashkilotchi sifatida 20 yildan ortiq vaqt davomida butun ilmi, kuch-quvvatini shifoxonada davolash va tashkiliy-uslubiy ishlarni tashkil qilishga bag’ishlaydi. O’sha davrlarda ko’pgina ajoyib, el suygan shifokorlar xalqimiz uchun be’minnat xizmat ko’rsatishgan. Xususan, Ulug’ Vatan urushi qatnashchisi, tibbiyot xizmati mayori Naumova Nadejda Kuzminovna(1919-1988) bosh vrachning Poliklinika bo’yicha muovini vazifasida sitqidildan mehnat qilgan.

1972-yilda Bolalar shahar bolalar poliklinikasi yuridik maqomga ega chiqib, №2 son Shahar sanitariya tibbiyot birlashmasi tarkibidan ajralib chiqadi va natijada №2 son Shahar sanitariya tibbiyot birlashmasi “Shahar travmatologiya va ortopediya shifoxonasi” maqomiga ega bo’lgan ixtisoslashgan shahar shifoxonasiga aylantiriladi. Aynan shu vaqtning o’zida Y.S.Aranzon Shahar travmatologiya va ortopediya shifoxonasini yangidan qurish uchun shahar chetidan alohida yer maydoni ajratilishiga erishadi. 1978-yilda shifoxona Samarqand shahar sog’liqni saqlash tizimidan chiqarilib, unga “Viloyat travmatologiya va ortopediya shifoxonasi” maqomi beriladi hamda Viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi ixtiyoriga o’tkaziladi. Yangi shifoxonaning bosh vrachi lavozimiga ko’chirish yo’li bilan Y.S.Aranzon tayinlanadi. Natijada shifoxonadagi o’rinlar soni 150 taga yetkaziladi va viloyatda travmatologiya va ortopediya xizmatining nufuzi oshadi.

1984-yildan boshlab Y.S.Aranzon Viloyat travmatologiya va ortopediya shifoxonasini zamonaviy loyiha asosida qurilgan yangi binoga ko’chirishni boshlaydi. 1988-yildan bosh vrachning tashkiliy-uslubiy masalalar bo’yicha muovini lavozimiga I.G’.G’aybullayev tayinlanadi va ushbu lavozimda 1996-yilgacha ishlaydi.

1994-yilda shifoxona 350 o’ringa ega bo’lgan nufuzli ixtisoslashgan Viloyat travmatologiya-ortopediya shifoxonasiga aylanadi va shifoxona shtatlar jadvaliga davolash ishlari bo’yicha bosh vrach o’rinbosari lavozimi kiritiladi. Ushbu lavozimga ilgari Samarqand shahar sog’liqni saqlash bo’limi mudiri vazifasida ishlab kelgan, vrach travmatolog, tibbiyot fanlari nomzodi Qodirov Marat Qodirovich tayinlanadi va 2002-yil umrining oxirigacha faollik bilan xizmat qiladi.

Y.S.Aronzon haqiqatdan Samarqand viloyatida travmatologiya va ortopediya xizmatiga asos solib, uni zamon talablari darajasiga ko’targan inson hisoblanadi. Qilgan mehnatlari inobatga olinib Y.S.Aronzonga hukumatimizning yuksak mukofoti «O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan tibbiyot xodimi» faxriy unvoni beriladi. Y.S.Aranzon doimo “Men o’zbek xalqining farzandiman” der edi va bu bilan faxrlanar edi. Sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish, shifoxonaning bir maromda ishlashini tashkil qilishda faollik bilan qatnashdi. Shifoxonadagi o’rinlar soni 350 tadan 335 o’ringa ixchamlashtiriladi. O’rinlarning ishlash samaradorligini oshirish, har bir o’rin joyining bemor uchun foydali maydonini oshirishga alohida e’tibor qaratadi. 1995-yilning dekabr oyigacha xalqning salomatligi yo’lida tinimsiz mehnat qiladi.

1995-yilning dekabr oyidan 1996-yilning yanvar oyiga qadar Samarqand Davlat Tibbiyot Instituti, “Travmatologiya va ortopediya” kafedrasi mudiri bo’lib ishlagan, tibbiyot fanlari doktori, professor Tilyakov Bo’ri Tilyakovich shifoxonaning bosh vrachi lavozimida faoliyat ko’rsatadi.

1996-yilning mart oyidan boshlab Viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi boshlig’ining birinchi o’rinbosari bo’lib ishlab kelgan Mamayusuf Rahmonqulovich Salimov shifoxona bosh vrachi lavozimiga tayinlanadi. M.R.Salimov o’z faoliyati davomida birinchi galda shifoxonaning kadrlar salohiyatini oshirish masalasiga asosiy e’tiborini qaratadi. Shifoxona bo’limlarida ishlayotgan har bir travmatologning mustaqil ravishda murakkab jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirishi uchun jamoada qulay muhit va sharoit yaratadi. Vrachlar o’z malakalarini Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida, Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi Markaziy travmatologiya va ortopediya ilmiy tekshirish instituti(ЦИТО)da, Novosibirsk shahridagi Travmatologiya-ortopediya ilmiy tekshirish institutida, Ukraina Respublikasining Xarkov shahridagi «Sitenko» nomidagi ortopediya ilmiy tekshirish institutida oshirish imkoniyatiga ega bo’ldilar.

Shu vaqtga qadar viloyat xo’jalik hisobidagi poliklinikasida bosh vrach lavozimida ishlagan tibbiyot fanlari nomzodi Abdug’aniyev Abdusalim Abdug’aniyevich 1996-yildan boshlab bosh vrach muovini lavozimiga tayinlanadi. 2014-yildan 2019-yilning yanvariga qadar shifoxona bosh vrachining tashkiliy-uslubiy masalalar bo’yicha o’rinbosari lavozimida sitqidildan mehnat qiladi. Shifoxona rivojiga va Samarqand viloyati tumanlari tibbiyot birlashmalarida travmatalogiya xizmatini yo’lga qo’yishda va rivojlantirishga ulkan hissa qo’shdi.

1945-yilda shifoxonada Klinik bioximik laboratoriya, 1942-yilda shifoxona ichki Dorixonasi va shu yili Statistika bo’limi, 1978-yilga kelib Kadrlar bo’limlari tashkil qilinadi. Rentgen bo’limi shifoxonaning ajralmas bo’lagi sifatida 1945-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.

1963-yilda Shifoxonada eng dastlabki tashkil qilingan bo’limlardan biri “Kattalar o’tkir travmatologiya va ortopediyasi” bo’limi 40 o’ringa mo’ljallanib ochiladi va 1975-yilgacha bo’lim boshlig’i vazifasida Yevgeniya Petrovna Borisova ish olib boradi.

1964-yilda Viloyat aholisiga sutka davomida uzluksiz ixtisoslashgan shoshilinch va ambulator travmatologik va ortopedik yordam ko’rsatishga moslashgan qabul bo’limi tashkillashtiriladi.

1965-yilda 30 o’ringa mo’lajallangan yana bir yangi bo’lim, “Bolalar ortopediyasi va travmatologiyasi” bo’limiga asos solinadi. Bo’lim mudirligi lavozimida 1966-yilgacha R.M.Shimyakina, 1966-1972-yillar davomida Galina Fyodorovna Trudova mehnat qiladilar.

1970-yilda “Fizioterapiya va reabilitasiya bo’imi” tashkil qilinib, bu bo’limda hamshiralar Tamara Fyodorovna Sokolova va Marina Andreyevna Kozlovalar Fizioterapiya ishlarini tashkil qiladilar.

1972-yildan ushbu bo’limdan “Bolalar o’tkir jarohatlari bo’limi” ajralib chiqqach, alohida “Bolalar ortopediyasi bo’limi” sifatida faoliyatini davom ettirishni boshlaydi.

1984-yil avgust oyida shifoxonada “Kattalar ortopediyasi bo’limi” tashkil qilnadi va bo’lim mudirligiga T.f.n. David Gavrilovich Ilyasov tayinlanadi.

1985-yilga kelib shifoxonada “Anesteziologiya va reanimasiya” bo’limi ochiladi va bo’lim mudirligi lavozimiga mohir shifokor A.Tursunov tayinlanadi va shu yili shifoxona tarkibida “Yiringli septik bo’lim” ochiladi va Vadim Rashidovich Farxadiga bo’lim boshlig’i vazifasi yuklanadi.

1995-yilda “Kattalar o’tkir shikastlanishlari” bo’limidan 30 o’ringa mo’ljallangan “Kattalar qo’shma jarohatlari bo’limi” ajralib chiqadi. Bo’lim mudirligi lavozimiga tajribali harbiy travmatolog Ozod Isomiddinovich Asqarov tayinlanadi va 1998-yilgacha ushbu lavozimda mehnat qiladi. 1995-yilda yana bir bo’lim: “Qon quyish bo’limi”ga asos solinadi va bo’lim midurligiga Zokirjon Safarovich Muxtarov tayinlanadi.

1996-yilda Respublikada neyroxirurgiya tibbiyot tizimining asoschilaridan biri bo’lgan Madiyarov Sattor Jabborovich tashabbusi bilan shifoxonada 25 o’ringa mo’ljallangan Vertebrologiya bo’limi ochiladi va viloyatda Vertebrologiya maktabi yaratiladi. Shu bilan birgalikda shifoxonaning Konsultativ poliklinikasi tashkil qilinadi va Abdurashid O’runov bo’lim mudirligiga tasdiqlanadi. 1997-1998 yillarda shifoxona klinik laboratoriyasi tarkibida «Bakteriologik laboratoriya» bo’limi tashkil qilinib, ishga tushiriladi.

2010-yilda shifoxona bosh vrachi lavozimiga shu kungacha “Vertebrologiya bo’limi” boshlig’i lavozimida mehnat qilib kelgan mohir umurtqa pog’onasi jarrohi, t.f.n.dosent Pardayev Saidqosim Norqulovich tayinlanadi. 2014-yilgacha bo’lgan qisqa davrda shifoxona moddiy texnik bazasini yahshilash, kadrlar salohiyatini oshirish va tibbiy hizmat sifatini yahshilashga asosiy e’tiborini qaratadi. Shifoxona moddiy-texnik bazasini zamonaviy statsionar raqamli rentgen va portativ rentgen apparatlari(EOP)bilan boyitdi. Shifoxona xo’jalik qismini rivojlantirdi va eng asosiysi, shifoxona uchun alohida Qozonxona qurib ishga tushirdi.  Undan so’ng shu 2022-yilga qadar Samarqand Davlat Tibbiyot Institutining “Travmatologiya va ortopediya” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat olib bordi. Aynan shu yildan boshlab shifoxona bosh vrachining davolash ishlari bo’yicha muovini lavozimiga Davirov Sharof Majidovich, tashkiliy-uslubiy masalalar bo’yicha muovini lavozimiga t.f.n. Abdug’aniyev Abdusalim Abdug’aniyevich tayinlanadilar.

2014-yilga kelib shifoxona bosh vrachi lavozimiga moxir travmatolog, tashkilotchi Danoboyev Boxodir Baxronbekovich tasdiqlanadi. O’z faoliyati davomida B.B.Danoboyev ham shifoxona moddiy-texnik bazasini shakllantirishda ulkan ishlarni bajardi. Jumladan: zamonaviy artroskop, ultratovush diagnostikasi va laborator tahlillar uchun zamonaviy analizatorlar olib kelindi. Shifoxonaning ajralmas qismi bo’lgan markazlashgan Zararsizlantirish bo’limi qurib foydalanishga topshirildi. B.B.Danoboyev davrida davolash ishlari bo’yicha bosh vrach muovini lavozimiga tajribali anesteziolog-reanimatolog Bobobekov Ibroxim Berkmirzayevich tayinlanadi va 2018-yilning iyun oyiga qadar, ya’ni Pastdarg’om tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi lavozimiga tasdiqlanganiga qadar shifoxonada davolash-diagnostika sifati va ayniqsa, reanimatsiya hizmatini kuchaytirishga hizmat qiladi.

2018-yilning iyun oyida shu vaqtgacha Qabul bo’limi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelgan tajribali shifokor Saloxiy Otabek Ikramovich shifoxona bosh vrachining davolash ishlari bo’yicha o’rinbosari lavozimiga saylanadi.

2018-yilning noyabr oyida B.B.Danoboyevning Jizzax viloyat Narkologiya dispanseri bosh vrachi lavozimiga tasdiqlanishi ortidan ko’p yillar davomida o’zining mehnati, qobiliyati va ko’pgina xislatlari bilan o’rnak bo’lib, Kattalar ortopediyasi mudiri sifatida ishlab kelgan Mamatqulov Oybek Xoliqovich shifoxona bosh vrachi etib tasdiqlanadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil, 20-iyundagi “O’zbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021 yillarda ixtisoslashgan tibbiy yordam ko’rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida” gi PQ-3071-sonli Qarori hamda 2018-yilning, 9-noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida sog’liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va istiqboldagi dolzarb vazifalar yuzasidan o’tkazilgan videoselektor yig’ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida RITOIATM direktori M.J.Azizov hamda VSSB boshlig’iI D.X.Jumaniyozov bilan birgalikda yo’l haritasi ishlab chiqildi.

Yo’l haritasiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirining 2019-yil, 23-yanvardagi №25-sonli buyrug’iga asosan Respublika Ixtisoslashtirilgan Travmatologiya va Ortopediya Ilmiy-Amaliy Tibbiyot Markazining Samarqand Filiali tashkil etildi va Nizomi tasdiqlandi. 2019-yilning 10-iyul sanasi bilan Respublika Ixtisoslashtirilgan Travmatologiya va Ortopediya Ilmiy-Amaliy Tibbiyot Markazi Samarqand Filialining yangi strukturasi tasdiqlandi va shifoxona nomi Samarqand viloyat ortopediya va shikastlanishlar oqibatlari shifoxonasidan Respublika Ixtisoslashtirilgan Travmatologiya va Ortopediya Ilmiy-Amaliy Tibbiyot Markazi Samarqand Filiali deb o’zgartirildi.

Yangi tasdiqlangan strukturaga binoan Respublika Ixtisoslashtirilgan Travmatologiya va Ortopediya Ilmiy-Amaliy Tibbiyot Markazi Samarqand Filiali direktori etib Mamatqulov Oybek Xoliqovich, Davolash ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari  Saloxiy Otabek Ikramovich, 2019-yilning yanvar oyidan boshlab Tashkiliy-uslubiy masalalar va ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari etib Kodirov Ma’ruf Abdumajitovich tasdiqlandilar.

RITOIATM Samarqand Filiali Axborot xizmati

Markaz tarixi