Sog‘liqni saqlash sohasida lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasining “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonunlari bilan belgilanadi.

Lisenziyalash asosida amalga oshiriladigan faoliyat turlari quyidagilar:

tibbiy faoliyat;

farmasevtika faoliyatining ayrim turlari;

tibbiy turizm;

sog‘liqni saqlash sohasidagi giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi bilan bog‘liq faoliyat.

 

Ruxsat etish asosida amalga oshiriladigan faoliyat turlari:

maxsus kiritiladigan biologik aktiv moddalar, yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, biologik vositalar va materiallar, polimer va plastik massalar, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish hamda ishlab chiqarish;

mahsulot, ishlab chiqarish jarayonlari va ko‘rsatiladigan xizmatlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash;

dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikadan tibbiy maqsadlarda foydalanish;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlarni O‘zbekiston hududi orqali tranzit tarzida o‘tkazish;

o‘simliklarni himoya qilish vositalarini tajriba sifatida qo‘llash;

rentgen uskunasidan foydalanish;

sanitariya-epidemiologiya sohasida normativ-texnik hujjatlarni ishlab chiqish, ob’ektlarni loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarni ko‘rib, kelishib berish hamda foydalanishga qabul qilish, korxonalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, xavfli kimyoviy, radioaktiv moddalar, biologik vositalar va materiallardan foydalanish bilan bog‘liq faoliyatga ruxsat berish tartibida amalga oshiriladi.

Shuningdek, oftal’mologiya tibbiy buyumlarining chakana realizasiyasi (optika) bo‘yicha faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik bo‘yicha faoliyat vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.