Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti yangi kampusining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning tabrigi o‘qib eshittirildi.
Marosimda viloyat mas’ullari, mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hamda davolash muassasalari rahbarlari, xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Mehmonlar yangi kampusning imkoniyatlari va bu yerda joylashgan zamonaviy klinika hamda simulyasion markaz faoliyatiga yuqori baho berdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur bino qurilishiga Prezidentimizning 2017 yil mart oyida Buxoro viloyatiga safari davomida berilgan topshiriqlar asos bo‘lgan edi.
Ma’lumot o‘rnida: Buxoro davlat tibbiyot instituti 1990 yilda tashkil topgan. Bu yerda 8 ta fakul’tet va 42 ta kafedra, 12 ta bakalavriat hamda 24 ta mutaxassislik bo‘yicha magistratura yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Kelgusi o‘quv yilidan yana 2 ta yangi fakul’tet, 3 ta kafedra, 1 ta bakalavriat va 6 ta magistratura yo‘nalishida mutaxassislik ochilishi ko‘zda tutilgan.
Kunning ikkinchi yarmida, yangi foydalanishga topshirilgan tibbiyot instituti binosida mamlakatimiz tibbiy oliy ta’lim muassasalari rektorlarining rayosat kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda milliy tibbiyot va farmasevtika ta’limini modernizasiya qilish, ushbu sohaga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb muammolari bo‘yicha kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, talabalarga ma’naviy-axloqiy tarbiya berishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirish masalalari borasida so‘z bordi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.