Nurobod tumanida ilk bor yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi

   Bugun Viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali birgalikdagi tashabbusiga binoan Nurobod tuman tibbiyot birlashmasida ilk bor yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti: chanoq-son bog‘imini total endoprotezlash amaliyoti bajarildi.   Chanoq-son bog‘imidagi surunkali patologiya sababli uzoq yillardan buyon aziyat chekayotgan, ammo ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib, jarrohlik amaliyotiga mablag‘ topa olmayotgan 23 va 42 yoshli 2 nafar bemorlarga Davlat tibbiy sug‘urta tizimi mablag‘lari hisobidan Nurobod tuman tibbiyot birlashmasinig o‘zida endoprotezlash, ya‘ni, sun‘iy bo‘g‘im qo‘yish amaliyotlari o‘tkazib berildi.

Filial malakali mutaxassislari I.Napasov, K.Vaxobov hamda V.Pak birgalikdagi jamoa tomonidan mohirona amalga oshirilgan jarrohlik amaliyotlari mahalliy mutaxassislar uchun chinakam mahorat darsi vazifasini o‘tadi.

 

Tadbir davomida Nurobod tumani kuratori S.Meliboyev hamda Toshkent shahridan kelgan mutaxassislar tomonidan shifoxona Tug‘ruq kompleksida dunyoga kelgan chaqaloqlarni birlamchi profilaktik ko‘rikdan va Markaziy Ko‘p Tarmoqli Poliklinikaga ambulator murojaat qilib kelgan bemorlarni ixtisoslashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar.

RITOIATM Samarqand filiali Axborot xizmati

SSV: Mamlakatimizda tibbiy ta’lim yo‘nalishidagi yirik kampus ish boshladi

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti yangi kampusining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning tabrigi o‘qib eshittirildi.

Marosimda viloyat mas’ullari, mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hamda davolash muassasalari rahbarlari, xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Mehmonlar yangi kampusning imkoniyatlari va bu yerda joylashgan zamonaviy klinika hamda simulyasion markaz faoliyatiga yuqori baho berdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur bino qurilishiga Prezidentimizning 2017 yil mart oyida Buxoro viloyatiga safari davomida berilgan topshiriqlar asos bo‘lgan edi.

Ma’lumot o‘rnida: Buxoro davlat tibbiyot instituti 1990 yilda tashkil topgan. Bu yerda 8 ta fakul’tet va 42 ta kafedra, 12 ta bakalavriat hamda 24 ta mutaxassislik bo‘yicha magistratura yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

 

Kelgusi o‘quv yilidan yana 2 ta yangi fakul’tet, 3 ta kafedra, 1 ta bakalavriat va 6 ta magistratura yo‘nalishida mutaxassislik ochilishi ko‘zda tutilgan.

Kunning ikkinchi yarmida, yangi foydalanishga topshirilgan tibbiyot instituti binosida mamlakatimiz tibbiy oliy ta’lim muassasalari rektorlarining rayosat kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda milliy tibbiyot va farmasevtika ta’limini modernizasiya qilish, ushbu sohaga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb muammolari bo‘yicha kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, talabalarga ma’naviy-axloqiy tarbiya berishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirish masalalari borasida so‘z bordi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

JSST: Tuz iste’molini kamaytirish orqali 2030 yilgacha 7 million kishining hayotini saqlab qolish mumkin

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kelgusi uch yilda dunyo bo‘yicha natriy iste’molini 30 foizga kamaytirishni global maqsad, deb belgilgan. Ammo bu boradagi chora-tadbirlar ijrosi tashkilotga a’zo davlatlarning 73 foizi tomonidan to‘liq ta’minlanayotgani yo‘q.

Shu bois JSST yangi bayonot bilan chiqdi. Unda qayd etilishicha, mazkur modda inson organizmiga asosan osh tuzi (natriy xlorid) orqali qabul qilinadi. Uning kunlik me’yori 5 gramm (bir choy qoshiq)dan oshmasligi kerak.

Ammo hozir jahon bo‘yicha mazkur ko‘rsatkich bir kishi uchun o‘rtacha 10,8 grammni tashkil qilmoqda. Boshqacha aytganda, JSST tavsiyasidan ikki baravar ko‘p osh tuzi iste’mol qilinmoqda.

 

Oqibatda insonlar o‘rtasida erta o‘lim xavfi yildan yilga oshib boryapti. Yurak-qon tomir va asab tizimi, buyrak kasalliklari, oshqozon saratoni, semizlik, osteoporozdan aziyat chekuvchi bemorlar soni ko‘paymoqda.

Vaholanki, yuqorida keltirilgan me’yorlarga amal qilish orqali 2030 yilgacha 7 million kishining hayotini saqlab qolish mumkin.

Ayni sababdan JSST rahbari Tedros Gebreyesus barcha davlatlarni natriy iste’moli yuzasidan samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga chaqirmoqda.

Xususan, ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida natriy miqdori belgilangan me’yordan oshmasligi uchun zarur cheklovlar o‘rnatilishi maqsadga muvofiq.

Iste’molchilarga tuz miqdori kam bo‘lgan mahsulotlarni taklif etish uchun ularni maxsus yorliqlar bilan qadoqlash bu borada katta samara beradi.

Shuningdek, natriy iste’molini kamaytirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish talab etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

Sog‘liqni saqlash sohasida qaysi faoliyat turlari lisenziyalanadi?

Sog‘liqni saqlash sohasida lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasining “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonunlari bilan belgilanadi.

Lisenziyalash asosida amalga oshiriladigan faoliyat turlari quyidagilar:

tibbiy faoliyat;

farmasevtika faoliyatining ayrim turlari;

tibbiy turizm;

sog‘liqni saqlash sohasidagi giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi bilan bog‘liq faoliyat.

 

Ruxsat etish asosida amalga oshiriladigan faoliyat turlari:

maxsus kiritiladigan biologik aktiv moddalar, yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, biologik vositalar va materiallar, polimer va plastik massalar, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish hamda ishlab chiqarish;

mahsulot, ishlab chiqarish jarayonlari va ko‘rsatiladigan xizmatlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash;

dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikadan tibbiy maqsadlarda foydalanish;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlarni O‘zbekiston hududi orqali tranzit tarzida o‘tkazish;

o‘simliklarni himoya qilish vositalarini tajriba sifatida qo‘llash;

rentgen uskunasidan foydalanish;

sanitariya-epidemiologiya sohasida normativ-texnik hujjatlarni ishlab chiqish, ob’ektlarni loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarni ko‘rib, kelishib berish hamda foydalanishga qabul qilish, korxonalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, xavfli kimyoviy, radioaktiv moddalar, biologik vositalar va materiallardan foydalanish bilan bog‘liq faoliyatga ruxsat berish tartibida amalga oshiriladi.

Shuningdek, oftal’mologiya tibbiy buyumlarining chakana realizasiyasi (optika) bo‘yicha faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik bo‘yicha faoliyat vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.